“Qing‘ir ish”ning “qiyig‘i” fosh bo‘ldi...
Joriy yilning 10 dekabr kuni soat 10-00 larda, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Jizzax shahar Xayrobod MFYda yashovchi fuqaro G‘.J.ga tegishli bo‘lgan, Jizzax shahar Ulug‘bek MFY Toshkent ko‘chasida joylashgan hech kim yashamaydigan hovli (eski beton zavodi hududi) ko‘zdan kechirilganda, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda, gaz tarmoqlariga ulanib, hech qanday hujjatlarsiz ohak ishlab chiqarayotganligi aniqlangan. Tezkor tadbir davomida 600 kg ohak, 4 dona gaz pechlari va boshqa xom-ashyolar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilib olingan.
O‘rganish davomida G‘.J. 2022 yil sentyabr oyidan buyon M.Ulug‘bek MFY ichki yo‘nalishdagi 200 diametrli gaz quvuriga 50 diametrli truba tortib kelib yashirin ravishda ulanib, yordamchi xo‘jaligiga o‘rnatilgan pechlarda ohak pishirish bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlangan. Hozirgi kunda hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur sexda jami 1.746.360 kub gaz ishlatilgan va uning taxminiy miqdori 1 mlrd. 746 mln. 360 ming so‘mni tashkil qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Hozirda hududlarda elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanib olgan fuqarolarni aniqlash va ularga qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda
Hurmatli fuqarolar!
Yilning sovuqli kunlarida asosiy energiya manbasi bo‘lgan gaz va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib xo‘jasizlarcha, nazoratsiz foydalanish nafaqat o‘zingizning yoki yaqinlaringizning hayoti uchun xavfli ekanligini, balki boshqa fuqarolarning gaz yoki elektr energiyasidan foydalanishlariga bo‘lgan huquqlariga daxl qilishini unutmang!
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti