O‘zbekiston delegatsiyasi “Budapesht jarayoni”ning 6-chi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Akramxon Boboxonov boshchiligidagi delegatsiya shu yilning 19-21 fevral kunlari Turkiya davlatining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “Budapesht jarayoni”ning 6-chi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Akramxon Boboxonov boshchiligidagi delegatsiya shu yilning 19-21 fevral kunlari Turkiya davlatining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “Budapesht jarayoni”ning 6-chi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.
Konferensiyada migratsiya sohasida faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar hamda Osiyo, Evropa va Afrika qit’alaridan 49 ta davlatning tegishli vazirlik rahbarlari va vakillari qatnashdi.
Budapesht jarayoni bu – migratsiyani tartibga soluvchi kompleks va barqaror tizimlarni rivojlantirishga qaratilgan ellikdan ziyod davlat va o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlardan tashkil topgan maslahat forumidir. Mazkur forum migratsiya, kochqinlar, vizalar, odam savdosi va qochoqlarni qaytarish masalalari bo‘yicha eng yaxshi harakatlar va ko‘nikmalarni tarqatish uchun tashkil etilgan.
Konferensiyaning ochilishida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on nutq so‘zlab, hozirda noqonuniy migratsiya va xalqaro terrorizm o‘zaro bog‘liqligini ta’kidlab, dunyo miqyosida migratsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish zarurligiga alohida to‘xtaldi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Boboxonov, ishtirokchilarni O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Shuningdek, A.Boboxonov bugungi kunda mamlakatimizda migratsiya jarayonlarini tartibga solish va qoidalarni soddalashtirish, xorijiy fuqarolarni qabul qilish bo‘yicha sezilarli sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinayotganligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining migratsiya va u bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarga taalluqli 10 ga yaqin Farmon va Qarorlar qabul qilinganligi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda ko‘p yillar davomida to‘plangan, ko‘plab hal etilmagan muammolarni echishga qaratilgan faol mintaqaviy siyosati, shubhasiz, Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yordam berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar, konferensiya tomonlarning manfaatli muzokaralari muhitida o‘tkazilganligini va ular kelgusida samarali hamkorlikka puxta zamin yaratishini ta’kidladilar.