-
SAVOL: Ichki ishlar organlari xodimlariga qanday ta’tillar beriladi?
JAVOB:
Xodimlarga quyidagi ta’tillar beriladi: har yilgi asosiy ta’til; homiladorlik, tug‘ish va bola parvarishlash ta’tillari; kasallik bo‘yicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga asosan) ta’til; o‘quv (kanikulyar) ta’tili – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalari kursant (tinglovchi)lari uchun; O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalarini tamomlaganligi munosabati bilan ta’til; ijodiy ta’til – amaliy faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan xodimlarga dissertatsiyasini yakunlashi uchun; qo‘shimcha ta’til – O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlarni topshirishi uchun, oilaviy sharoiti bo‘yicha, jangovar harakatlarda va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganlarga.
Shuningdek, xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha ta’tillar ham berilishi mumkin.
Xodimlarga dam olish va ish qobiliyatini tiklashlari uchun ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur bo‘lgan, biroq uch kalendar kundan oshmaydigan vaqt qo‘shilgan (bayram kunlari hisobga olinmagan, lavozimi va pul ta’minoti saqlangan) holda davomiyligi o‘ttiz kalendar kun bo‘lgan har yilgi asosiy ta’til beriladi.
Asosiy ta’til xodimlarga birinchi xizmat yili uchun kamida olti oy ishlaganidan so‘ng beriladi.O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri asosiy ta’tilni xodim dastlabki sinov muddatini o‘taganidan so‘ng, xizmatining birinchi yilining istalgan davrida berish huquqiga ega. -
SAVOL: Ko‘char va ko‘chmas mol-mulkni xatlovdan echish tartibi qanday?
JAVOB: JPKning 290-moddasiga asosan, hukmning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismining ijrosini ta’minlash uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki sud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlashi shart. O‘zlashtirish, rastrata va nobud qilish va shikastlanishini oldini olish maqsadida ashyoviy dalil deb topilgan mol-mulk ham xatlanadi.
SHuningdek, xatlash tergov jarayonidagi vaziyatdan kelib chiqqan xolda qo‘yiladi.
JPKning 295-moddasiga asosan, oqlov xukmi qonuniy kuchga kirganda, jinoyat ishi tugatilganda, shuningdek fuqaroviy da’vogar o‘z da’vosidan voz kechganda hamda fuqaroviy da’voni qanoatlantirish yuzasidan ko‘rilgan choralarga sabab bo‘lgan asoslar bartaraf etilgan boshqa xollarda mol-mulkning xatlanganligi bekor qilinadi. -
SAVOL: Amnistiya aktini qo‘llash haqida ma’lumot bersangiz?
JAVOB: Amnistiya aktini qo‘llash tartibi jinoyat-protsessual qonunchiligida hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Amnistiya to‘g‘risidagi qarori bilan tartibga solinadi.
JPKning 84-moddasiga asosan, e’lon qilingan amnistiya akti sodir etilgan jinoyat yoki shaxsga daxldor bo‘lsa, ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib, jinoyat ishini tugatish uchun asos bo‘ladi.
Ushbu qarorlarda qaysi jinoyat ishlari amnistiya aktiga asosan harakatdan tugatilishi, qaysi shaxslar esa ozodlikdan mahrum etish bilan belgilangan jazo turlari qisqartirishi ko‘rsatilgan.
Amnistiya akti sudlar tomonidan prokurorning kiritgan iltimosnomasiga ko‘ra qo‘llaniladi.
SHuni ta’kidlash lozimki, amnistiya aktini qo‘llashda cheklovlar Oliy Majlis Senatining Amnistiya aktini qo‘llash haqidagi qarorda nazarda tutilgan. -
SAVOL: Jinoyat ishi yuzasidan ma’lumotlardan hamda hujjatlardan nusxa olish mumkinmi?
JAVOB: Jinoyat ishi yuzasidan ma’lumotlar hamda hujjatlar nusxalarini olish masalalari jinoyat-protsessual qonunchiligida tartibga solingan.
JPKning 46,55-moddalariga ko‘ra, ayblanuvchi hamda jabrlanuvchilar dastlabki tergov tamom bo‘lgandan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishib chiqish hamda undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish ko‘rsatilgan. -
SAVOL: Agarda biror bir jinoyat haqida yozilgan ariza tekshirish natijasida o‘z tasdig‘ini topmagan taqdirda, uni yozgan fuqaroga javobgarlik belgilanganmi?
JAVOB: Arizadagi holatlar tekshirish natijasida o‘z tasdig‘ini topmagan taqdirda, ariza muallifiga nisbatan javobgarlik belgilanmagan. Biroq, jinoyat to‘g‘risida bila turib yolg‘on xabar berganlik uchun Jinoyat kodeksining 237-moddasida jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.
-
SAVOL: Tanishim huquqni muhofaza qiluvchi organlarga men haqimda tuhmatdan iborat arizalar yozib yuribdi. Uni javobgarlikka tortish uchun qanday tartibda va kimga murojaat qilishim kerak?
JAVOB: «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasiga ko‘ra, tuhmatdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi qayd etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida tuhmat qilganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, bir yil davomida yana shu toifadagi huquqbuzarlik sodir etilganda, Jinoyat kodeksining 139-moddasida jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.
SHu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksining 325-moddasiga ko‘ra, tuhmat yuzasidan jinoyat ishlari jabrlanuvchining shikoyat arizasiga asosan qo‘zg‘atiladi. Ushbu holatda Siz huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda ariza bilan murojaat qilishingiz lozim bo‘ladi. -
SAVOL: Jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun ariza yoki xabar berilishi shartmi?
JAVOB: Jinoyat-protsessual kodeksning 322-moddasiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun shaxslarning arizalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar bergan xabarlar, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar, jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar va izlarni surishtiruv organi, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning bevosita o‘zi aniqlagan holatlar, aybini bo‘yniga olish haqidagi arz asos bo‘ladi.
SHuningdek, agarda jabrlanuvchi nochor ahvolda yoki ayblanuvchiga qaram bo‘lganligi tufayli yohud boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqini va qonuniy manfaatlarini o‘zi himoya qila olmaydigan alohida hollarda prokuror jabrlanuvchining shikoyatisiz ham jinoyat ishi qo‘zg‘atishiga yo‘l qo‘yiladi. -
SAVOL: Men muqaddam onamga nisbatan sodir etilgan firibgarlik haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat etgan edim. Murojaatim bo‘yicha qanday chora ko‘riladi va bu haqda menga xabar beriladimi?
JAVOB: JPKning 330-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror jinoyatga oid ma’lumotlar olingan yoki bunday ma’lumotlarni bevosita o‘zlari aniqlagan har bir holda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqida;
2) ishni qo‘zg‘atishni rad qilish haqida;
3) ariza yoki xabarni tergovga tegishliligiga qarab yuborish haqida.
Tekshirish natijalari haqida ariza muallifiga yozma ravishda xabar yuboriladi. -
SAVOL: Men uyimdagi bir bosh qo‘yimning o‘g‘irlab ketilganligi haqida xabar bergan edim, biroq haligacha mening murojaatim hal qilinmayapti. Arizamni ko‘rib chiqmasdan qoldirilishi mumkinmi? Buning uchun javobgarlik bormi?
JAVOB: Ichki ishlar organi xodimi Sizning jinoyat haqidagi arizangizni qabul qilib, qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilishi lozim. Jinoyatlar to‘g‘risidagi arizalar, xabarlar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ko‘rib chiqish xizmat vazifalariga kiradigan mansabdor shaxsning jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirishi Jinoyat kodeksining 2411-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
-
SAVOL: Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga o‘zim guvoh bo‘lgan jinoyat haqida ariza yozmoqchiman. Arizamda ism-sharifimni ko‘rsatmasam bo‘ladimi? Bunday ariza tekshiriladimi?
JAVOB: Arizada amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksining 323-moddasi hamda «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, ariza beruvchining shaxsiga oid ma’lumotlar va imzosi bo‘lishi lozim. Imzolanmagan, qalbaki imzoli yoki uydirma shaxs nomidan yozilgan xat, ariza yoki boshqa anonim xabarlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun sabab bo‘la olmaydi.
-
SAVOL: Qo‘shnim bilan o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan janjal haqida ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilgan edim, lekin haligacha unga chora ko‘rilmayapti. Qonunlarda arizani ko‘rib chiqish muddati belgilanganmi?
JAVOB: Jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish muddatlari qat’iy belgilangan. Jinoyat-protsessual kodeksining 329-moddasiga ko‘ra, jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa ma’lumotlar ro‘yxatga olinishi va darhol, jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun sabab qonuniyligini va asoslar etarli ekanligini tekshirish zarurati bo‘lgan taqdirda esa, o‘n sutkadan kechiktirmasdan hal qilinishi lozim.
Alohida hollarda, ya’ni tekshirish o‘tkazish uchun ko‘p vaqt talab qiladigan ekspertiza, xizmat tekshiruvi, hujjatli taftish yoki boshqa tekshiruv tayinlangan bo‘lsa, olis joylarda bo‘lgan yoki chaqiruvga binoan hozir bo‘lishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslardan tushuntirishlar talab qilib olish zarur bo‘lsa, yangi holatlar aniqlanib, ularni qo‘shimcha tarzda tekshirmasdan turib qaror qabul qilishning imkoni bo‘lmasa, tergovga qadar tekshiruv muddati prokuror tomonidan bir oygacha uzaytirilishi mumkin.