Xonanda Jasur Umirovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlandi
Bir necha oy avval mashhur xonanda voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkanligi to‘g‘risida internet ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan edi, biroq jinoyat insonning jinsiy erkinligiga qarshi sodir etilganligi, jabrlanuvchi va protsess ishtirokchilarning qadr qimmati va erkinliklarini inobatga olgan holda jinoyat ishi yuzasidan to‘liq maʼlumot berilmagan edi.Jinoyat ishi keng jamoatchilik oldida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganligi va ayrim holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tafsilotlar berilganligi bois, O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan quyidagilar maʼlum qilinadi.
Tergov jarayonida aniqlanishicha: 2020 yilning 13 iyun kuni Urgut tumani “Oqmachit” mahallasida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro, Kattaqo‘rg‘on tumani “Kattako‘rpa” mahallasida yashovchi dugonasi 2003 yilda tug‘ilgan fuqaroning tanishi xonanda Jasur Umirov bilan yaqindan tanishish uchun borganida, J.Umirov ularni tanishining uyiga olib borib, pivo spirtli ichimligini isteʼmol qildirib, uni ojizligidan foydalanib, nomusiga tekkan. Bundan tashqari aniqlanishicha voyaga yetmagan jabrlanuvchining nomusiga yana ikki nafar J.Umirovning tanishlari tekkanligini maʼlum bo‘lgan.
Avvaliga jabrlanuvchi J.Umirov u bilan ixtiyoriy ravishda jinsiy aloqa qilgani sababli, uning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi va murojaatda ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi (qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmasa)ga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad etish haqida qaror qabul qilingan, biroq jinoyat ishi nazorat tartibida o‘rganilib, tayinlangan qo‘shimcha ekspertizalar natijasiga ko‘ra, Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan.
O‘tkazilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, J.Umirovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 3-qismi “a” bandi (shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda nomusga tegish)bilan ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, qolgan ikki nafar fuqaro A.Z. va Sh.Q., larga esa 238-moddasi 1-qismi (yolg‘on guvohlik berish) hamda 241-moddasi 2-qismlari (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) bilan ayblov eʼlon qilinib, shu kuni ularga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov tamomlanib, ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun Samarqand viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti