67 bosh qo‘ylarni o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi va sud tomonidan ularga jazo tayinlandi.
Samarqand. 2019 yil 18 oktyabr kuni taxminan soat 21:30 larda 53 yoshli Murod N. jinoiy sherigi 34 yoshli Ma'murjon U. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, fuqaro E.X.ning Nurobod tumanida joylashgan hovlisiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, og‘ilxonadan E.X.ga tegishli har-birining bahosi 1.300.000 so‘mlik jami 87.100.000 so‘m bo‘lgan 67 bosh qo‘ylarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, ularni shu yerdagi qirga haydab borib, ulardan 46 bosh qo‘ylarni “Lasetti” va “Gazel'” rusumli yuk avtomashinalariga yuklashib, sig‘may qolgan 21 bosh qo‘ylarni ushbu joyga qo‘yib yuborib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Ma'murjon U., qo‘ylarni Buxoro viloyati, Vobkent tumaniga olib borib, tanishi U.X.ga ushbu qo‘ylar o‘ziga tegishli ekanligini aytib, har-birini 930.000 so‘mdan hisoblab jami 40.920.000 so‘mga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Nurobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, Ma'murjon U. takroran 2019 yil 31 oktyabr kuni Buxoro viloyati, Vobkent tumanida joylashgan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligidan fuqaro U.H.ga tegishli muqaddam o‘zi unga sotgan har-birining bahosi 930.000 so‘mlik jami 39.060.000 so‘m bo‘lgan 42 bosh qo‘ylarini va A.X.ga tegishli 1 bosh bahosi 1.000.000 so‘mlik qo‘yini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Ma'murjon U.ga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari bilan va Murod N.ga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e'lon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, Ma'murjon U. va Murod N.lar tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan. Tergov yakuniga ko‘ra jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining 2020 yil 07 yanvar kunidagi hukmiga ko‘ra, Ma'murjon U. va Murod N.lar ushbu jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, Ma'murjon U.ga nisbatan 3 yil 3 oy muddatga, Murod N.ga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov deparatmenti