O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

- “O‘rtada pulni yig‘ib yuboraylik”

Jizzax viloyati. 2023 yil 21 mart kuni tungi soat 01:30 larda Sharof Rashidov tumani IIB JXX xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan maxsus tadbirda, “Oybek” nomli umumiy ovqatlanish shaxobchasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, shaxobchaning yerto‘lasida 23 yoshli U.F. o‘zining 4 ta tanishlari bilan qo‘lbola usulda yasalgan bir dona 0,5 litr hajmli yelim idish orqali giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani birgalikda chekish orqali isteʼmol qilishganligi aniqlangan.

Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda yuqoridagi shaxslar tomonidan qo‘lbola usulda giyohvandlik vositasini chekish uchun yasalgan yelim idish, 1 dona polietilen paketda maydalangan o‘simliklar hamda F.U.ga tegishli 1 dona gugurt qutidagi yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli maydalangan o‘simliklar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, voqea joyidan olingan 1 dona oq rangli polietilen paketga va 1 dona gugurt qutiga solingan yashil rangli o‘ziga xos o‘tkir hidli o‘simlik tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, bu modda “Marixuana” ekanligi va uning qurigan holdagi og‘irligi 1,28 grammga teng ekanligi, bundan tashqari, 1 dona 0,5 litr hajmli yelim idishning ostki qismi ichki yuzalaridan etil spirti yordamida eritilib olingan moddalar tarkibida faol giyohvand modda kannabinol-tetragidrokannabinol kannabidiol mavjud bo‘lib, bu modda “Marixuana” qoldig‘i ekanligi ushbu moslamalarda “Marixuana” yoki “gashish” giyohvand vositalarini isteʼmol qilishda qo‘llanilganligi aniqlangan.

Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida aniqlanishicha 23 yoshli U.F. o‘zining 4 ta tanishlariga 200.000 so‘m yig‘ib berishsa, unda nasha borligi va birgalikda chekishlarini aytib, giyohvandlik moddasini isteʼmol qilishga qiziqtirgan va yuqoridagi manzilga kelib ushbu moddalarni isteʼmol qilishganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan U.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) va 274-moddasi 2-qismi “v” bandi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni isteʼmol qilishga jalb etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida mazkur holat ishtirokchilarining xati-harakatlariga qonuniy baho berilishi taʼminlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech