Paxtakorda mineral o‘g‘itlarni talon-toroj qilgan 9 kishilik to‘da aniqlandi
Jizzax. 2020 yilning 15 may kuni Paxtakor tumani hududida joylashgan «Jizzaxagrokimyohimoya» HAJ mas'ul xodimlari tuman IIB ga murojaat qilib, o‘z murojaatida joriy yilning 06 may kunidan 14 may kuniga qadar noma'lum shaxslar omborning orqa tomon devorini buzish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, omborda saqlanayotgan «ammafos» mineral o‘g‘itining bir qismini o‘g‘irlab ketganliklarini ma'lum qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, noma'lum shaxslar tomonidan umumiy bahosi 55 mln. 400 ming so‘mlik jami 9 tonna 900 kg. «ammafos» mineral o‘g‘iti yashirin ravishda talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma'lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi (o‘g‘irlik) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida Paxtakor tumanida yashovchi 9 nafar fuqarolar oldindan jinoiy til biriktirib, tungi vaqtlari «Jizzaxagrokimyohimoya» HAJ maydoni bo‘ylab o‘ralgan beton devorning tuynugi orqali kirib, hududda joylashgan omborxona binosining orqa tomonidagi g‘ishtdan terilgan devorini teshish yo‘li bilan omborga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, u yerda saqlanayotgan qo‘shma korxona hisobida bo‘lgan umumiy bahosi 55.400.000 so‘mlik 9.900 kg «Ammafos» mineral o‘g‘itini bo‘lib-bo‘lib bir necha marta yashirin ravishda jamiyat hududidan olib chiqib, tashqarida kutib turgan «NEXIA-2» va «COBALT» rusumli avtomashinalarga yuklab olib ketib, Jizzax viloyatining G‘allaorol va Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanlaridagi dehqon xo‘jaliklariga sotish bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlanib, ushbu avtomashinalardan qoplangan holatdagi «ammafos» mineral o‘g‘itlari, shuningdek mineral o‘g‘itlarning qoplari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti
Zomin tumani IIO FMB huzuridagi
TB katta tergovchisi
mayor E.B.Eraliyev