Andijonda o‘zini “Ichki ishlar organi xodimi” deb tanishtirib, fuqarolarni tunab kelayotgan shaxs ushlandi
Andijon viloyati. 2022 yil 1 aprel kuni soat 11:00 da, nomaʼlum shaxs o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida, Andijon shahrida joylashgan “A.Navoiy” istirohat bog‘iga kelib, shu yerdan o‘tib ketayotgan Buloqboshi tumanida yashovchi 18 yoshli M.I.ni to‘xtatib, o‘zini IIO xodimi ekanligini, go‘yoki ushbu hududda profilaktik ishlarini olib borayotganligini aytib, yonidagi uyali telefon apparatida taqiqlangan video lavhalar, egnidagi kiyimlarida taqiqlangan narsalar bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rishi kerakligini tushuntirib, ushbu narsalarni unga taqdim qilishini talab qilib, M.I.ga tegishli bo‘lgan narxi 1.500.000 so‘m bo‘lgan “Redmi 9C” rusumli telefon apparatini hamda shimining cho‘ntagidagi 470.000 so‘m pullarni olib, voqea joyidan qochib ketganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, nomaʼlum shaxs jinoiy harakatlarini davom ettirib, joriy yilning 08 aprel kuni soat 15:15da Andijon shahar Erkin MFYda joylashgan “Registon” maydonida Oltinko‘l tumanida yashovchi 20 yoshli T.O.ning yoniga kelib, yuqorida ko‘rsatilgan vajlarini keltirib, T.O.ga tegishli narxi 2.000.000 so‘mlik “Samsung A10S” rusumli uyali telefonini so‘rab olib, ushbu telefon apparatini qaytarib bermasdan, ochiqdan-ochiq talon-taroj qilib, voqea joyidan qochib yashiringanligi aniqlangan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Andijon shahida yashovchi, hech qayerda ishlamaydigan, muqaddam sudlangan 27 yoshli A.I. sodir etkanligi aniqlanib, undan talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan T.O.ga tegishli “Samsung A10S” rusumli uyali telefoni ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda, ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti