Talabalar safidan o‘chirilgan “firibgar”
Toshkent shahri. 2020 yilning 26 yanvar kunidan 09 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, 27 yoshli Ilhomjon E., Olmazor tumanida joylashgan “Yoshlar Ittifoqi” binosi oldida, Samarqand viloyatidan kelgan tanishlari Gavhar K. va Asatullo A.,larga o‘zini “Xalq taʼlimi vazirligida” tarjimon deb tanishtirib, ularga O‘zbekiston Milliy Universitetining “Biologiya va kimyo” fakultetining sirtqi taʼlim bo‘limiga “super kontrakt” asosida qabul bo‘layotganligini, 12 ta o‘rin ochilib, ushbu o‘rinlarni to‘ldirish vazifasi unga yuklatilib, o‘zining tanishlariga yordam berishini “atigi 3 barobar miqdorda "super kontrakt” to‘lovini amalga oshirishlarini aytib ishonchiga kirib, ulardan jami 3.500 AQSH dollari miqdoridagi pullarni aldov yo‘li bilan olib, pullarni o‘z ehtiyoji yo‘lida sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Ilhomjon E.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “B” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Ilhomjon E., tergovga kelishdan bo‘yin tovlab yashirinib yurganligi tufayli, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida Ilhomjon E., Yakkasaroy tumani hududida IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, Ilhomjon E., Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil olib, keyinchalik talabalar safidan o‘chirilganligi maʼlum bo‘lgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti