O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Farg‘onada bosqinchilar ichki ishlar xodimlari tomonidan voqea joyida qo‘lga olindilar

Farg‘ona viloyati. 2022 yil 05 yanvar kuni soat 21:30 larda Furqat tumani Istiqlol MFY,da yashovchi 21 yoshli M.Sh. tuman IIB profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilib, yashash xonadoniga 3 nafar nomaʼlum shaxslar yuzlariga qora rangli niqob taqib, qo‘llariga qo‘lqop kiyib, pichoq va skotch bilan qurollangan holda g‘ayriqonuniy ravishda kirganliklarini maʼlum qilib, yashash xonadoniga yetib kelishini so‘ragan.

Ushbu xonadonga zudlik bilan yetib borgan Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 3 nafar nomaʼlum shaxslar hodisa joyidan qochib yashirinayotgan vaqtda qo‘lga olinib, ularning yonidan uch dona qo‘l bola usulda qora matodan tayyorlangan niqoblar, bir dona skotch, bir dona xo‘jalik pichog‘i, bir dona kanselyariya pichog‘i, bir dona temir truba, bir dona fonar, uch juft qo‘lqop, ikki dona xonadon kaliti va bir dona tibbiy niqob ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni muqaddam sudlangan 41 yoshli R.S., 47 yoshli S.S. va 42 yoshli I.B., lar reja asosida sodir etganliklari, ushbu shaxslar xonadonga devor oshish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uy egasi 44 yoshli X.M.,ni hamda uning 16 yoshli qizi M.A.,ni tanasining turli joylariga qo‘llari bilan urib, hayot yoki sog‘lik uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, qo‘l, oyoq va og‘iz sohalarini skotchlab X.M.,ga tegishli narxi 3.000.000 so‘mga teng sariq metalldan ishlangan zargarlik buyumlarini olganliklari aniqlangan.

Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida hodisa joyiga S.S. tomonidan boshqarib kelingan “Spark” rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganida, ushbu avtomashinadan bir dona pnevmatik pistolet hamda bir dona "mix sug‘irgich" ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Furqat tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan R.S., S.S. va I.B.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar protsessual tartibida ushlanishgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech