«Gashish» giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotayotgan shaxslar aniqlandi
Andijon viloyati. 08-yanvar kuni soat 20:30 larda viloyat va Asaka tumani IIB Jinoyat qidiruv xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Asaka tumani Imom Buxoriy ko‘chasida joylashgan “Al-Aziz” oshxonasi yonida 50 yoshli I.B, E.S. va 44 yoshli G.N.,lar shartli ravishda xaridor sifatida jalb qilingan fuqaroga 5.400 000 so‘m miqdordagi pullar evaziga qora rangli polietilen paketga o‘ralgan giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani sotgan vaqtida ushlanishib, xarid obyekti hamda 5.400.000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari G.N.,ning yoni ko‘zdan kechirilganda, uning egnida bo‘lgan sport shimining chap cho‘ntagidan giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda ham borligi aniqlangan.
Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbirda olingan bir dona qora rangli polietilen paketga o‘ralgan hamda G.N.,ni sport shimining cho‘ntagidan olingan qoramtir-malla rangli plastilinsimon moddalar tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, sof og‘irligi 34,04 grammga teng “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan I.B, E.S. va G.N.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular protsessual tartibda ushlanganlar.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti