Gaz yoqilg‘isi tugab qolganligi sababli jinoyatchi o‘z manziliga yetib bora olmadi
Buxoro viloyati. 2022 yil 15 yanvar kuni soat 23:30larda 31 yoshli A.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan “NEXIA-3” rusumli avtomashinasini yuvdirish maqsadida Buxoro shahar Sheyxon ko‘chasida joylashgan avtomobillarni yuvish shoxobchasiga kelib, oldindan tanish bo‘lgan shoxobcha ishchisi, 18 yoshli Z.O.,ga transport vositasini yuvish uchun tashlab ketib, yarim soatlardan so‘ng avtomashinasini olib ketmoqchi bo‘lib kelganida Z.O., unga tegishli avtomashinani boshqarib ketib qolganligi aniqlangan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida, olib qochilgan avtomashina Z.O. tomonidan Shofirkon tumani hududiga borib qoldirib ketganligi aniqlanib, avtomashina ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Z.O.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qoidabuzar protsessual tartibda ushlangan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, shu kuni Z.O., mast holatda transport vositasini olib qochib, keyinchalik esa Shofirkon tumani hududiga yetib kelganida avtomashinaning gaz yoqilg‘isi tugaganligi sababli avtomashinani shu hududda qoldirib ketishga majbur bo‘lgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti