O‘ch olishni maqsad qilgan fuqaro endilikda qilgan ishi uchun 5 yilgacha qamalishi mumkin
Buxoro viloyati. Joriy yilning 28 iyul kuni Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasidan kelib tushgan xabarga ko‘ra Talisafet qishlog‘ida yashovchi Shodlik MFYda joylashgan oynaga qayta ishlov berish sexi rahbari 23 yoshli Z.b. ish joyida jarohat olib “bosh miya chayqalishi, o‘ng tomon jag‘ sohasi chakka o‘sig‘i sinishi, o‘ng tomon gaymor bo‘shlig‘i va ponasimon suyagi katta qanoti sinishi” tashxisi bilan murojaat qilganligi maʼlum qilingan.
Fuqaro Z.B.ning olgan tan jarohatlarini kelib chiqish sababi o‘rganilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan, natijada 28 iyul soat 12.00 larda Z.B. ish joyida Shofirkon tumani Zarchabek mahallasida yashovchi 31 yoshli H.M. bilan o‘zaro janjallashganligi, janjal davomida H.M. uning yuz va bosh qismlariga qo‘li bilan urib tan jarohati yetkazganligi aniqlanib, H.M. ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Shofirkon tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan H.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida, janjalning kelib chiqish sababli aniqlanganda, gumon qilinuvchining turmush o‘rtog‘i bir kun avval avtomobil qatnov chorrahasidan o‘tayotgan vaqtida Z.B.ning korhonasiga teshishli bo‘lgan avtomashina, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay, uni va voyaga yetmagan farzandini chorrahadan o‘tkazishni o‘rniga, qaltis manyovr qilganligi, mazkur holatni eshitgan H.M. esa o‘ch olish maqsadida Z.B.ning oldiga borib unga tan jarohati yetkazganligi aniqlangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
mayor S.Berdiyev
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti