Xonadon egasini uyqusini buzgan ikki talonchi endilikda qonun oldida javob beradi
Sirdaryo viloyati. 2022 yil 21 aprel kuni Sayxunobod tumani Marg‘ilon ko‘chasida yashovchi 43 yoshli X.A. tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 20 aprel kunidan 21 aprel kuniga o‘tar ko‘chasi soat 00:30 larda yashash xonadonida dam olayotgan vaqtda, ikki nafar nomaʼlum shaxslar uyining deraza oynasini va unga o‘rnatilgan panjarasini oyoqlari bilan tepib sindirish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda bostirib kirib, yuziga mushtlari bilan urib, unga tegishli narxi 500.000 so‘mlik “SAMSUNG J1” rusumli telefon apparatini olib qochib chiqib ketganligini maʼlum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va yetkazilgan moddiy zarar qoplanishida amaliy yordam berishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlari natijasida mazkur jinoyat Sayxunobod tumanida yashovchi 17 yoshli voyaga yetmagan M.S. va 20 yoshli F.B.lar tomonidan sodir etilganligi hamda talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan telefon apparati o‘zga shaxsga sotib yuborilganligi aniqlanib, telefon apparatini sotib olgan shaxsdan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan telefon apparati daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Sayxunobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan voyaga yetmagan M.S. va F.B.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 166-moddasi 3-qismi “b” bandi (uy-joyga, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, sodir etilgan talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda yuqoridagi shaxslar nima sababdan talonchilikka qo‘l urganliklari aniqlanmoqda.
Tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti