Xorazmda fuqarodan “kislorod” uchun pul talab qilib kelgan fuqarolar qo‘lga olindi
Xorazm viloyati. 2023 yil 09 iyun kuni 38 yoshli I.U. tuman IIB boshlig‘ining nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘nda 36 yoshli M.B. va 30 yoshli M.E.lar, unga ko‘chada tinch yurishi uchun ular aytgan pullarni o‘z vaqtida ushbu shaxslarga berib borishini, aks holda unga tegishli bo‘lgan mol-mulkiga shikast yetkazishlarini aytib, uni o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yib, 2022 yil 06 dekabr kunidan 2023 yil fevral oyigacha undan 58 mln. so‘m pullarini olib kelgan bo‘lishiga qaramasdan, joriy yilning 6-8 iyun kunlari unga qo‘ng‘iroq qilishib, 10.000 AQSH dollari topib olib kelishini, aks xolda uni tinch qo‘ymasligini, ushbu pullarni olib kelmagan taqdirda, unga tegishli bo‘lgan transport vositalarini tortib olib qo‘yish bilan qo‘rqitib kelayotganliklarini bayon etib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur ariza asosida viloyat IIB TQX JQB UJQKB xodimlari tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha, olib borilgan tezkor tadbir davomida yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar arizachi bilan oldindan kelishilgan Gurlan tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan “Ilxomboy” kafesida uchrashib, undan talab qilgan 10.000 AQSH dollari pullarni olayotgan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Gurlan tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan M.B. va M.E.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 165-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib,ushbu shaxslarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Muallif: Tergov departamenti O‘MIB tergovchisi
mayor I. Toirov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti