Yarim tunda kirakashlik qilib yurgan yigitga bosqinchilar hujum qildi, bunda ularga qizlar yordam bergan
Toshkent viloyati. 2023 yil 07 iyun kuni 24 yoshli G‘.B. Toshkent tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni soat 01:20 larda “Spark” rusumli avtomashinasida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanayotgan vaqtida, TXAY yo‘lining Toshkent shahri Yunusobod tumani I.Karimov mahallasi hududidan o‘tgan qismidan yo‘lovchi sifatida ikki nafar nomaʼlum ayollar avtomashinasiga o‘tirib, Qibray tumani Parvoz mahallasiga olib borib qo‘yishini so‘raganliklarini, mazkur mahallaga borgan vaqtida, ayollarning tanishi bo‘lgan yana ikki nafar nomaʼlum erkaklar uning avtomashinasiga chiqqanligini va ularni “Uch-Qahramon” blok posti yaqinidagi ichki ko‘chaga olib borgan vaqtida, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar erkak unga pichoq o‘qtalib, qo‘llari bilan urib tan jarohati yetkazishib, so‘ngra zo‘rlik ishlatib avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tkazib, ulardan biri avtomashina rul boshqaruviga o‘tirib, ikkinchi erkak esa pichoq o‘qtalib orqa o‘rindiqda olib ketayotgan vaqtida undan “Redmi-5” rusumli telefon apparatini va qo‘lida bo‘lgan soatini tortib olishib, Toshkent shahar Uchtepa tumani hududidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shaxobchasiga kirgan vaqtlarida, u avtomashinadan tushib qochib ketishiga ulgurganligini bayon etib, mazkur nomaʼlum shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda zo‘rlik ishlatib transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni 21 yoshli P.F. (erkak), 18 yoshli S.M.(ayol), 22 yoshli N.B. (erkak) va 18 yoshli A.Yu. (ayol)lar sodir etganliklari hamda jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan avtomashinani Zangiota tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan uylarning biri oldida tashlab ketilganligi aniqlangan va avtomashina ko‘zdan kechirilib ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxslar qo‘lga olinib, ulardan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan “Redmi-5” rusumli telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan, hozirda ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda yuqoridagi shaxslar nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi aniqlanmoqda.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
kapitan A. Avalbekov
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti