Korxonada seyfdagi pullarni o‘margan shaxs bir fursatda aniqlanib ushlangan
Namangan viloyati. Joriy yilning 11 sentyabr kuni Chust tumani Ipak yo‘li ko‘chasida 39 yoshli N.M. tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda shu yil 5 sentyabr kunidan 11 sentyabr kunigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs Chust tumani Toshkent ko‘chasida joylashgan xususiy korxonasi binosiga kirib, xizmat xonasidagi temir seyf ichida bo‘lgan 8.000 AQSH dollari va 13.000.000 so‘m pullarini o‘g‘irlab ketganligini maʼlum qilib, ushbu nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Chust tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni ushbu xususiy korxona ishchisi Chust tumani Ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi 23 yoshli S.I. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, undan ashyoviy dalil sifatida 13.000.000 so‘m pullar va 800 AQSH dollari tekshirish uchun rasmiylashtirib olingan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti