Ijarachi o'g'ri qo'lga tushdi
2018 yil 8 avgust kunidan 18 avgust kuniga qadar bo'lgan vaqt davomida, noma'lum shaxs Navoiy viloyat Karmana tumanida yashovchi I.G.ning uyiga kirib, uyda hech kim yo'qligidan foydalanib, yotoqxonadagi shkafdan 5.500.000 so'm pul, 4 turdagi sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlari, “Artel” changyutgichi, 2 dona “Samsung” rusumli telefon apparati va uy hujjatlarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa sodir bo'lgan joydan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan noma'lum shaxsga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi va 227-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
11 sentyabr kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tergov, tezkor-qidiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni I.G.ning uyida vaqtincha ijarada yashagan tanishi R.D. tomonidan sodir etganligi aniqlanib ushlangan.
R.D. o'z ko'rsatuvlarida, A.S. ismli tanishini aldab, egallagan uy hujjatlarini o'ziga tegishli ekanligini aytib, hujjatlarni garov tariqasida qoldirib, undan 8.000.000 so'm pul olganligini bildirgan va tergov organi tomonidan fuqaro A.S.dan uy hujjatlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Hozirda jinoyat ishi bo'yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti