Jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta’minlandi
Joriy yilning 09 aprel kuni soat taxminan 09:00 da, muqaddam sudlangan, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Sh., tanishlari 1998 yilda tug‘ilgan I.S. va 1997 yilda tug‘ilgan M.X.lar bilan o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, yuzlariga niqob, qo’llariga qo’lqop kiyib, arqon bilan qurollanib, Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida yashovchi F.N.ning uyiga devor oshish yo’li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, F.N.ning yotoqxonada uxlab yotgan qizi, voyaga yetmagan 2001 yilda tug‘ilgan K.A.ga hujum qilib, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, uning qo‘llarini tanasining orqa qismiga o‘zlari bilan olib kelgan arqon yordamida bog‘lab, uyda bo‘lgan jami 7.200.000 so‘mlik mol-mulklarni talon-toroj qilib, hodisa sodir bo’lgan joydan yashirinishgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB huzuridagi Tergov bo’limi tomonidan Sh.Sh., I.S. va M.X.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov davrida Sh.Sh., I.S. va M.X.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan va dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining hukmiga ko‘ra, Sh.Sh., I.S. va M.X.lar Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, Sh.Sh.ga nisbatan 11 yil, M.X.ga 10 yil va I.S.ga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti