Talonchilik jinoyatini to‘qib chiqargan shaxs endilikda gumon qilinuvchi
Tergov jarayonida aniqlanishicha: 2020 yilning 25 dekabr kuni taxminan soat 00:30 da Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Zilolbuloq” ko‘chasida yashovchi Oybek X., IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda “Shaxrisabzfarm” MCHJga qarashli bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashinani Boysun tumani “Munchoq” mahallasi hududidan o‘tuvchi «M-39»-yo‘lining 1360 km.da boshqarib ketayotgan vaqtida, “Cobalt” avtomashinasida bo‘lgan 2 nafar nomaʼlum shaxslar avtomashinani to‘xtashib, u avtomashinani qulflab olgani sababli avtomashina oynalarini sindirib, unga zo‘rlik ishlatib, 32.500.000 so‘m va 700 AQSH dollar pul mablag‘larini nomaʼlum shaxs tortib olib ketganligini bildirib, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Boysun tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “G” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov harakatlari natijasida jabrlanuvchining murojaatida ko‘rsatilgan jinoiy holat sodir etilmagani, u avtomashinada MCHJ,ga tegishli bo‘lgan pul mablag‘larini o‘zlashtirib olish maqsadida talonchilik holatini to‘qib chiqarganligi va avtomashina oynalarini o‘zi sindirib pul mablag‘larini yashirib qo‘ygani, u IIBga jinoyat sodir etilganligi haqida yolg‘on xabar berganligi aniqlangan.
Tergov jarayonida O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismi “v” bandidan (talonchilik) O‘zbekiston Respublikasi JKning 237-moddasi 1-qismiga (yolg‘on xabar berish) qayta malakalanib, ushbu kuni Oybek X., ning ko‘rsatuvlari hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirilib, tekshiruv davomida Oybek X. tomonidan yashirib qo‘yilgan pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olinib, Oybek X. O‘zbekiston Respublikasi JKning 237-moddasi 1-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti