Marmar koniga niqob taqib kirgan bosqinchi
Navoiy viloyati. Joriy yilning 28 noyabr kuni soat 23:00 larda nomaʼlum shaxs o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, yuziga qora rangli niqob (maska) kiygan holda, Tomdi tumani hududida faoliyat olib borayotgan qo‘shma korxonasining marmar koni qorovulxonasiga bostirib kirib, shu yerda korxona qorovuli 55 yoshli R.U.ga hujum qilib, uning yuz qismiga urib, qo‘llarini arqon bilan bog‘lab, korxona omborxonasi qulfini buzish yo‘li bilan ochib, umumiy qiymati 4.000.000 so‘mlik 35 millimetr diametrli, uzunligi 50 metr bo‘lgan mis kabellarini bosqinchilik yo‘li bilan olib, hodisa bo‘lgan joyidan yashiringan.
Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida mazkur jinoyatni Yangi Zarafshon MFYda yashovchi, tumanda joylashgan o‘rta maktablarning birida qorovul bo‘lib ishlovchi 30 yoshli K.A. yuziga niqob kiygan holda davlat raqam belgisi bo‘lmagan “Ural” rusumli mototsiklida korxonaning hududiga kelib, mazkur jinoyatni sodir qilganligi aniqlanib, ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda yuqoridagi shaxs nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi aniqlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti