To‘yga ketayotgan avtomashina YTHga uchradi natijada 2 kishi vafot edi
Buxoro. 2020 yilning 04 sentyabr kuni soat 07:00 da 29 yoshli K.A., o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Tayota” rusumli avtomashinani “Xorazm-Buxoro” A-380 yo‘li bo‘ylab boshqarib, mazkur yo‘lning Romitan tumani hududidan o‘tgan 324-kilometriga yetganida to‘satdan avtomashinasi boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning chap tomon qismiga chiqib ketishi natijasida avtomashina ag‘darilib, yo‘l transport hodisasi sodir etgan.
Natijada, avtomashina haydovchisi K.A. va 33 yoshli yo‘lovchi S.M. hodisa joyida vafot etgan, salonda bo‘lgan ikkinchi yo‘lovchi 36 yoshli Sh.R., og‘ir tan jarohati olib, tibbiyot muassasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov departamenti vafot etganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Shu bilan birga fuqarolarimizdan yo‘llarda harakatlanish jarayonida yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy amal qilishlarini so‘raymiz, zero bir soniyali eʼtiborsizlik yoki qoidabuzarlik inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkinligini unatmaylik!
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti