Kaltaklangani uchun do‘konini yoqib yuborib qasdini oldi
Toshkent shahri. 2021 yilning 14 fevral kuni soat 19:00 larda Chilonzor tumani Guliston mavzesi TXAY ko‘chasida “gumma” sotuvchi Yodgor A., gumma sotish uchun mo‘ljallangan stolini yig‘ishtirib, aravaga ortayotgan vaqtida, unga ilgari tan jarohati yetkazib, haqorat qilgan Saidjon S., Javohir T., bilan “Lacetti” rusumli avtomashinasida kelib, Yodgor A.,ni to‘xtatishgan vaqtida, u ushbu avtomashinani old va ikki old eshiklari oynalarini aravada bo‘lgan stol oyog‘i bilan urib sindirib, ushbu stol oyog‘i bilan Saidjon S.,ga ham tan jarohati yetkazgan. Ushbu janjalga Yodgor A.,ning qarindoshi Bahodir K., ham qo‘shilib, qo‘lidagi temir quvur (truba) bilan Saidjon S.,ga tan jarohati yetkazgan.
Ushbu janjaldan so‘ng, 2021 yilning 15 fevral kuni soat 04:50 da, Saidjon S., va Javohir T., lar qasd olish maqsadida, Bahodir K.,ga tegishli ukasi Komil K.,ning nomida bo‘lgan Zangiota tumani Eshonguzar qo‘rg‘oni hududidagi “Halima hoji ona” mebellar do‘koniga qasddan o‘t qo‘yib, jami 500 mln., so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlar. Natijada, ushbu mebellar do‘koniga tutashgan “Grant Builder” MCHJning sotuv markazi binosining bir qismiga ham yong‘in o‘tib, 100 mln., so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Saidjon S., va Javohir T.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, Saidjon S., va Javoxir T.,lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan "qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, Yodgor A., va Bahodir K.,larga nisbatan esa Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan JKning 277-moddasi 2-qismi “B,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yodgor A., va Bahodir K.,lar ham jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti