Аvtoyuvish shahobchasi ishchisi “Lasetti” avtomashinasini olib qochdi!
Toshkent. Bektemir tumanidagi avtoyuvish shahobchasida yuvib qoʼyish uchun qoldirilgan “Lasetti” avtomashinasi olib qochilganidan soʼng ayanchli yoʼl-transport hodisasi oqibatida agʼdarilgan holatda Namangan viloyati Pop tumani hududidan topilgan.
2019 yil 07 noyabr kuni taxminan soat 09:40 larda Bektemir tuman Ohangaron shoh koʼchasida joylashgan avtomashinalarni yuvish shahobchasiga fuqaro 50 yoshli А.R. tomonidan qoldirilgan “Lasetti” rusumli avtomashinasini, mazkur avtoyuvish shahobchasi ishchisi 48 yoshli E.X. olib qochgan hamda shu kuni soat 16:30 da Namangan viloyati Pop tumani Qoʼshminor MFY hududidan oʼtuvchi “Toshkent-Oʼsh” avtomobil yoʼlining 262 km.da avtomashina boshqaruvini yoʼqotib, yoʼl chetiga chiqib ketib agʼdarilgan.
Natijada fuqaro E.X. “bosh miya ogʼir shikasti, kalla asos suyagini sinishi, miya shishi” kabi tan jarohatlari olib, Pop tuman tibbiy markaziga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 08 noyabr kuni Bektemir tuman IIO FMB huzuridagi tergov boʼlimi tomonidan E.X.ga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti