O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

"Musofir” niqobi ostidagi bosqinchilar

Toshkent viloyati. 2023 yil 31 yanvar kuni soat 20-30 larda 3 nafar nomaʼlum shaxslar oldindan jinoiy til biriktirgan holda bir guruh bo‘lib, o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida Chirchiq shahar 3-kichik nohiyada joylashgan dehqon bozori yonidagi spirtli ichimliklar do‘konida spirtli ichimlik isteʼmol qilib o‘tirgan 49 yoshli T.A.ning oldiga kelishib, o‘zlarini go‘yoki musofir sifatida tanishtirib, yegulik uchun biror-bir narsa berishini iltimos qilishgan. T.A. ularni o‘zining yashash xonadoniga olib borib, ular bilan birgalikda spirtli ichimlik isteʼmol qilib o‘tirishgan vaqtida 2 nafar nomaʼlum shaxslar xonadondagi yog‘ochdan bo‘lgan javon ustida turgan metall bolg‘a bilan unga hujum qilib, qimmatli narsalari va pullarini berishini talab qilib, T.A.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, uning orqa bel sohasiga qo‘lida bo‘lgan metall bolg‘a bilan bir marotaba zarba berib, keyin yuz qismi va tanasining turli joylariga qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tepib, tan jarohati yetkazishib, xonadondan 8.310.000 so‘mlik maishiy texnika va 2.000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishib, hodisa bo‘lgan joyidan yashiringanlar.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni 24 yoshli S.M., A.A. va 22 yoshli X.A.lar sodir qilganliklari aniqlanib, ulardan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan “Samsung” rusumli televizor ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S.M., A.A. va X.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlari (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibida ushlangan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech