Go'sht mahsuloti iste'molga yaroqsiz
2018 yil 29 avgust kuni fuqaro A.U. Sirdaryo viloyat Sardoba tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda fuqaro X.T. uyida 1 kg. qora mol go'shtini bozor narxlardan arzon narxda ya'ni 11.500 so'mdan sotayotganligini ma'lum qilib, ushbu holatni tekshirib, unga nisbatan qonuniy chora ko'rishni so'ragan. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mazkur arizaga asosan o'tkazilgan nazorat ostida etkazib berish tezkor tadbiri davomida, A.T. 37 kg. qora mol go'shtini fuqaro A.U.ga 390.000 so'mga sotgan vaqtida, ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsizligi davlat markazining xulosasiga ko'ra, taqdim qilinayotgan 37 kg. go'sht mahsulotida diplokokk va ichak tayoqchalari aniqlanganligi va iste'molga yaroqsiz ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-moddasi 1-qismi (iste'molchilarning hayoti yoki sog'lig'i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o'tkazish maqsadini ko'zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o'tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko'rsatish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti