4 kunlik chaqaloqni sotgan shaxslarga nisbatan sud hukmi o’qildi
2019 yilning 27 mart kuni fuqaro Q.R. o‘zining jinoiy sherigi I.A. bilan o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxona kompleksida farzandli bo‘lgan fuqaro T.G.ning turmushga chiqmaganligi va nikohsiz farzand ko‘rganligi sababli farzandini uyiga olib ketishni xohlamayotganligini bilganlaridan so‘ng u bilan o‘zaro kelishib, tug‘ruqxonadan chiqayotgan vaqtida uning 23.03.2019 yilda tug‘ilgan o‘g‘il farzandini o‘zlari bilan birga olib qolib, uni fuqaro R.M.ga 500 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan 28.03.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Dastlab tergov jarayonida fuqaro Q.R. va I.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “garov” ehtiyot chorasi tanlangan va dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudining 24.07.2019 yildagi hukmiga ko‘ra, Q.R. va I.A.lar Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan hamda Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan ularga tayinlangan jazo shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti