Olib qochilgan avtomashina boshqa bir viloyatda topildi
Samarqand viloyati. 2022 yil 13 aprel kuni Narpay tumanida yashovchi 25 yoshli S.J. Narpay tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda soat 05:30 da Narpay tumani Mirbozor qo‘rg‘onida joylashgan avtoturargohda o‘zining boshqaruvidagi “LADA LARGUS” rusumli avtomashinasida Samarqand shahriga yo‘lovchi olish maqsadida kutib turgan vaqtida, o‘ziga notanish bo‘lgan o‘rta yoshdagi bir erkak kishi kelib, yo‘lovchi sifatida avtomashinasiga o‘tirganidan so‘ng, u yana bir yo‘lovchi olish maqsadida avtomashinasidan tushgan vaqtida, ushbu notanish yo‘lovchi avtomashinani kalit orqali o‘t oldirib, nomaʼlum tomonga haydab ketganligini bildirib, ushbu nomaʼlum shaxsni topib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Narpay tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida olib qochilgan “LADA LARGUS” rusumli avtomashina nomaʼlum shaxs tomonidan Navoiy viloyati Xatirchi tumanida joylashgan ichki yo‘lda tashlab ketilganligi aniqlanib, avtomashina ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Tergov-tezkor harakatlar davom ettirilib, mazkur jinoyatni Navoiy shahrida yashovchi muqaddam sudlangan 27 yoshli R.M. sodir etganligi aniqlanib, u protsessual tartibda ushlangan.
Tergov davomida, qonunbuzardan, nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi so‘ralganda, u olib qochilgan avtomashinani ehtiyot qismlarga ajratib, sotmoqchi bo‘lganligini, ammo avtomashinaning yonilg‘isi tugab qolganidan so‘ng, uni tashlab ketishga majbur bo‘lganligini bildirgan.
Tergov davom etmoqda.
Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, ushbu turdagi jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti