O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘limga sabab bo‘lgan janjal

1966 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro K.A. muqaddam to‘rt marotaba sudlanib, o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan bo‘lishiga qaramay, jamiyat uchun foydali bo‘lgan mehnat bilan shug‘ullanish o‘rniga, takroran jinoyat sodir etish yo‘liga kirgan.

Jumladan, u 2019 yilning 8 may kuni Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri hududida tanishi A.E. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro janjal oqibatida uning qorin qismiga pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Natijada A.E. shifoxonaga yotqizilib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, vafot etgan.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, A.E.ning tanasida aniqlangan jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan “OG‘IR” tan jarohatlari guruhiga kirishi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan K.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va jinoyat ishi Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov davrida K.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “v” va “d” bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan va dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 07.08.2019 yildagi hukmiga ko‘ra, fuqaro K.A. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “v” va “d” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech