Homilador ayolga nisbatan “elektroshoker” yordamida bosqinchilik sodir qilgan shaxs ushlandi
Andijon viloyati. 2021 yilning 02 mart kuni soat 10:00 larda nomaʼlum shaxs yuzlariga niqob taqib olib elektroshoker bilan qurollangan holda Marhamat tumani Turon MFY.,da yashovchi homilador bo‘lgan 28 yoshli Nilufar T.,ning xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, Nilufar T.,dan taqib olgan tilla-taqinchoqlarini berishini talab qilib, unga elektroshoker bilan hujum qilib taqinchoqlarini zo‘rlik ishlatib olib devor oshish yo‘li orqali uydan chiqib qochib ketayotgan vaqtida mahallada yashovchi fuqarolar tomonidan ushlangan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 26 yoshli Mansurbek M., sodir qilganligi aniqlanib, tilla-taqinchoqlar va elektroshoker moslamasi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Marhamat tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Mansurbek M.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda tergov davom etmoqda.
Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, jinoyatni sodir etgan shaxs 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti