Og‘uni sotish ilinjidagi badnafs shaxs qonun oldida javob beradi
Toshkent viloyati. 2023 yil 28 yanvar kuni Bo‘stonliq tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus tezkor tadbir davomida, Bo‘stonliq tumani Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida yashovchi 36 yoshli M.D.ning uyni ko‘zdan kechirilganda uning yozgi oshxonasida jami 117 dona gugurt qutilariga qadoqlangan va quritilgan holdagi “nasha” giyohvandlik moddasiga o‘xshash o‘simlik, yana gugurt qutiga joylangan “nasha” urug‘lariga o‘xshash modda, polietilen paketga o‘ralgan quruq holdagi ko‘knor o‘simligi boshoqlariga o‘xshash moddalar, jami 10 litr hajmdagi, shisha idishlariga joylangan, quritib maydalangan, o‘tkir hidli, yashil rangdagi modda hamda oq rangli qopga solingan quruq holatdagi o‘tkir hidli yashil rangdagi giyohvand moddaga o‘xshash o‘simliklarni saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu moddalar undan xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertizasining xulosasida xonadondan olingan ashyoviy dalillar tarkibida faol giyohvand modda - "tetragidrokannabinol" bo‘lgan “MARIXUANA” ekanligi, polietilen paketda o‘simlik meva - boshoqlari “Ko‘knor xashagi” ekanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan M.D.ga nisbatan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 va 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlab o‘tish joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti