Oʼgʼirlangan pullarning bir qismi tergovda qoplandi.
Fargʼona. 2020 yilning 23 avgust kunidan 24 avgust kuniga oʼtar kechasi nomaʼlum shaxs Qoʼqon shahrida joylashgan MChJ hududida boʼlgan binoni kirish eshigini kalit tanlash yoʼli bilan ochib, xonadagi temir seyfdan jami qiymati 122.530.000 soʼm va 8.660 АQSh dollari miqdoridagi pullarni yashirin ravishda qoʼlga kiritib, nomaʼlum tomonga yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Qoʼqon shahri boʼyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (oʼgʼirlik) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlariga kirishilgan.
Olib borilgan dastlabki tergov davomida mazkur jinoyatni 27 yoshli А.R., sodir etganligi aniqlanib, talon-toroj qilingan pullarning bir qismi yaʼni 115.000.000 soʼm va 8.310 АQSh dollar miqdoridagi pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki tergov davomida А.R., ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti