Yulduzni kirdikorlari
Namangan viloyati. Viloyat IIB boshlig‘i nomiga 27 yoshli Xasanboy Q., ariza bilan murojaat qilib, unda 2021 yil mart oyining boshlarida o‘zini “Namangan Davlat universiteti” talabasi deb tanishtirgan “Yulduz” ismli shaxs bilan “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali yaqindan tanishib, u bilan ishqiy munosabatlarga kirishishi haqida gaplashib, so‘ng unga o‘zini “Oydina” deb tanishtirgan shaxs “Yulduz” bilan o‘rtasidagi yozishmalarni internet tarmog‘iga chiqarib, oila-aʼzolariga maʼlum qilishlik bilan tahdid qilib, ushbu yozishmalarni tarqatmasligi evaziga 1 000 AQSH dollar berishni talab qilib, ushbu pullarni Chortoq tumani Zargar ko‘chasida S.A., ismli fuqaro olayotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, Xasanboy Q.,dan 1 000 AQSH dollarni olgan S.A., ismli fuqaro “Yulduz” ismli shaxsning yaqin dugonasi ekanligini, uning iltimosiga binoan ushbu pullarni olganligi maʼlum bo‘lib, 21 yoshli Yulduzxon A., tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan 1 000 AQSH dollar pullarni S.A.,dan olgan vaqtida ushlanib, “Oydina” va “Yulduz” ham uning o‘zi ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Yulduz A.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti