Yana bir jinoyat fosh qilindi.
Toshkent viloyati. 2019 yilning 12 noyabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Xonobod qo‘rg‘onida yashovchi 35 yoshli I.A. ariza bilan murojaat qilib, unda shu kuni noma'lum shaxslar uning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib xonadonning mehmonxonasidagi shkafdan 5.500.000 so‘m pul, 2.100 AQSh dollar va sariq metaldan yasalgan tilla taqinchoqlarni yashirin ravishda talon-toroj qilishganligini ma'lum qilib, ularni aniqlab qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,v,g” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘zganing ancha miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishda ifodalangan o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni 30 yoshli J.A. va 29 yoshli B.T.lar sodir etganligi aniqlanib, gumondorlar prosessual tartibda ushlanganlar.
Dastlabki tergov jarayonida ular jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinishgan. Hozirda tergov davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti