Sharsharada “omad” ulashib kelgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Jizzax viloyati. 2023 yil 26 iyul kuni Zomin tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 35 yoshli X.Sh. Zomin tumani “Sharshara” dam olish maskani hududida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar o‘tkazish maqsadida qimor o‘yinlarini o‘ynash uchun “Omadingni sina” nomli o‘yin qutisini o‘rnatib, atrofdagi fuqarolarni mazkur tavakkalchilikka asoslangan o‘yinga jalb qilib, har bir ishtirokchidan 5000 so‘mdan pul qabul qilib, qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinni qonunga xilof ravishda tashkil qilib o‘tkazayotganligi aniqlangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida X.Sh tomonidan o‘rnatilgan bir dona o‘yin qutisi, 6 dona raqamli o‘yin toshlari hamda pul mablag‘lari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Zomin tumani IIB huzuridagi TB tomonidan X.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti