Janjalning oqibati pichoqbozlik bilan xotima topdi
Tergov departamenti ma’lum qiladi: Joriy yilning 31 oktyabr kuni soat tahminan 20:00 da fuqaro O.T., Andijon viloyati Jalaquduq tumani Ittifoq kochasida istiqomat qiluvchi shu kuni uni haqorat qilgan Sh.X ning yashash manziliga kelib, o’zaro kelishmovchilik sababli dastlab qo‘llari bilan Sh.X.ning yuziga, so’ng o’zi bilan olib kelgan xo‘jalik pichog‘i bilan uning chap biqin sohasiga bir marotaba urib, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Hodisa sodir bo’lgan joyni ko‘zdan kechirish jarayonida qonga o‘xshash dog‘lar bo‘lgan O.T.ning kiyimlari va bir dona pichoq xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Ushbu holat yuzasidan 01.11.2019 yilda Jalaquduq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti