O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Firibgarga sud hukmi oʼqildi.

Jinoyat ishlari boʼyicha Navoiy viloyat Xatirchi tumani sudi, qassoblik bilan shugʼullanishini aytib qoramol boquvchilarni chuv tushirgan 29 yoshli Navroʼzbek Ch.,ga nisbatan hukm chiqardi.

Navroʼzbek Ch., 2019 yil iyun oyining boshida fuqaro J.Q.,ga oʼzini qassob ekanligini aytib, uning ikki bosh qora mollarini 13.000.000 soʼmga hisoblab, pullarni 20 kun davomida toʼlab berishini vaʼda qilib, J.Q.ni aldab, ikki bosh qora mollarni firibgarlik yoʼli bilan egallagan.

Bundan tashqari, Navroʼzbek Ch., jinoiy faoliyatini davom ettirib takroran, fuqaro B.Q.,ning narxi 6.500.000 soʼmlik bir bosh qora moli va 4.000.000 soʼm naqd puli, J.Q.,ning 5.000.000 soʼm naqd pullari hamda fuqaro Q.R.,ning narxi 2.800.000 soʼmlik bir bosh qora molini firibgarlik yoʼli bilan egallab, pullarni oʼzining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Dastlabki tergov jarayonida Navroʼzbek Ch., tomonidan jabrlanuvchilarga nisbatan yetkazilgan moddiy zarar toʼliq qoplangan va unga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (firibgarlik) bilan ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilgan. Tergov yakuniga koʼra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari boʼyicha Xatirchi tuman sudi tomonidan Navroʼzbek Ch.,ning oilaviy ahvoli, qilgan ishidan pushaymondaligi, yetkazilgan moddiy zararni toʼliq qoplaganligini inobatga olib, sodir etgan jinoyati ogʼir jinoyatlar turkumiga kirsada, insonparvarlik printsipi asosida unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʼliq boʼlmagan eng kam oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil 3 (uch) oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

 

Text to speech