O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

“TIKO”dagi sayr "10 yilgacha tushishi" mumkin

Surxondaryo viloyati. 2023 yil 28 mart kuni soat 22:00 larda Muzrabot tumani “Madaniyat” mahallasida yashovchi 51 yoshli X.O‘. murojaat qilib, nomaʼlum shaxs “TIKO” rusumli avtomashinasini Angor tumani “Ilg‘or” mahallasida yashovchi tanishining yashash uyi oldida qarovsiz qoldirib ketganligidan foydalanib, olib qochilganligi haqida xabar berib, avtomashinani topishda hamda transport vositasini olib qochgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari davomida, shu kunning o‘zida avtomashina Termiz shahar “ManguzarYPX maskanidan harakatlanib ketayotgan vaqtida YPX xodimlari transport vositasini to‘xtatishni talab qilishgan vaqtida, nomaʼlum shaxs qochishni rejalashtirib, maskandan o‘tmoqchi bo‘lib ammo yo‘l chetiga chiqib ketib harakatlanishni boshlaganda, boshqaruvni eplay olmay yo‘l transport hodisasi sodir etgan va shu vaqtda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Qonunbuzarning shaxsi tekshirilganda, u Jarqo‘rg‘on tumani “Obihayot” mahallasida yashovchi muqaddam sudlangan spirtli ichimlik taʼsirida bo‘lgan 36 yoshli J.X. ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Angor tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan J.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlik uchun Jinoyat kodeksida 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo qo‘llanilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech