Uch zo‘ravon yolg‘iz kirakash haydovchini bo‘g‘ziga pichoq tirab, mashinasini olib qochishdi
Farg‘ona viloyati. 2021 yilning 15 yanvar kuni soat 00:30 da ikki nafar nomaʼlum erkak va bir nafar nomaʼlum ayol kishi Qo‘qon shahri Xalq so‘zi ro‘znomalari va Shoxruxobod ko‘chalarining kesishmasida fuqaro Shoxruxbek A.,ning boshqaruvida bo‘lgan MCHJga tegishli “Matiz” rusumli avtomashinasiga yo‘lovchi tariqasida o‘tirib, yo‘l-yo‘lakay o‘zaro janjallashib qolishib, haydovchi ularga avtomashinasini to‘xtatib turishini, o‘zaro kelishib olishlarini aytganidan so‘ng, haydovchining orqasidagi o‘rindiqda o‘tirgan nomaʼlum erkak haydovchining bo‘g‘ziga pichoq tirab, ularning janjaliga aralashmasligini aytgan vaqtida, nomaʼlum ayol kishi ularni tinchlantirishiga karamasdan, ikki nafar nomaʼlum erkak haydovchiga Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahar, Turkiston ko‘chasida joylashgan Tug‘ruq kompleksi yoniga olib borib qo‘yishlarini aytib, o‘zlarining uchinchi sherigini ushbu manzilga chaqirib, manzilga yetib kelishganida avtomashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirgan nomaʼlum erkak haydovchini avtomashinadan olib tushib, ularni kutib olgan uchinchi sherigi bilan urib tepib tan jaroxati yetkazishib, avtomashinani nomaʼlum tomonga olib qochib ketib, avtomashinada bo‘lgan fuqaro Shoxruxbek A.,ning 150.000 so‘m pullari va bahosi 2.000.000 so‘m bo‘lgan “Samsung” rusumli noutbugini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlar.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, nomaʼlum shaxslar “Matiz” rusumli avtomashinani O‘zbekiston tumani, Xayotobod ko‘chasidagi qurilish mollar savdo do‘koni ro‘parasiga qoldirib ketganligi aniqlanib, tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 3-qismi “v” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni 18 yoshli Davlatbek A., 19 yoshli Jahongir M., va 20 yoshli Doniyorjon S.,lar sodir etganliklari aniqlanib, shu kunning o‘zida protsessual tartibda ushlanganlar.
Ushbu shaxslarga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti