Tug‘ishgan jiyaniga ham ishonch yo‘q!
Buxoro viloyati. Joriy yilning 22 apreliga o‘tar kechasi soat 02:30 larda nomaʼlum shaxs Qorako‘l tuman “Istiqlol” mahallasida yashovchi 48 yoshli S.D. (ayol)ning yashash uyi yotoqxonasiga yuziga niqob kiygan holda, g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonada uxlab yotgan uy egasiga hujum qilib, pul talab qilgan vaqtida jabrlanuvchi uning uyida pul yo‘qligini bildirgach, nomaʼlum shaxs qo‘lida bo‘lgan belkurak dastasi bilan uning bo‘yin, qo‘l, tirsak va tanasini boshqa joylariga bir necha marotaba qasddan urib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, uning yonida bo‘lgan bahosi 1.5 mln so‘mlik “Samsung A02” rusumli qo‘l telefonini talon-toroj qilib, hodisa bo‘lgan joyidan yashiringan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyat jabrlanuvchining jiyani 17 yoshli J.M. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, undan xolasiga tegishli bo‘lgan “Samsung A02” rusumli telefon apparati hamda shu kuni egnida bo‘lgan kiyimlari va niqob sifatida ishlatilgan qora rangli mayka ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Qorako‘l tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan J.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti