O‘tiring aytgan manzilingizga olib borib qo‘yamiz!
Toshkent shahri. 2022 yil 08 yanvar kuni Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi 34 yoshli X.J. Yashnobod tuman IIO FMB boshlig‘i nomiga murojaat qilib, unda shu kuni soat 09:30da Toshkent xalqaro aeroporti yonida “Vodiy pitak”ga borish uchun “Lacetti” rusumli avtomashinaga o‘tirganligi, Yashnobod tumani TXAY ko‘chasida joylashgan Andijon viloyatiga harakatlanadigan yo‘lovchi mashinalar turargohiga yetib kelishganida, avtomashina haydovchisi va yonida bo‘lgan yo‘lovchisi uni mashinadan tushirib, birgalikda qo‘llarini ushlab, bo‘ynidan bo‘g‘ib, jami 800 AQSH dollari miqdoridagi pullarini ochiq-ochiqdan talon-toroj qilib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringanliklarini maʼlum qilib ushbu nomaʼlum shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi 41 yoshli U.S. va Toshkent viloyatida yashovchi 36 yoshli Yu.A.,lar sodir etganliklari aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan U.S. va Yu.A.,larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlanishgan.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti