O‘zingdan chiqqan baloga...
Toshkent viloyati. 2022 yil 27 avgust kunidan 2 sentyabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, nomaʼlum shahs o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, 57 yoshli T.G.ning Qibray tumani Archazor 5-tor ko‘chasida joylashgan uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonadon mehmonxonasidan jami bahosi 120.000.000 so‘mlik bir dona ayollar zanjiri, bir dona ayollar bilak uzugi, 2 dona ayollar brilliant ziragi, 1 dona ko‘k ko‘zli ayollar ziragi, 1 dona ayollar bilak uzugi, 3 dona ayollar tilla uzugi, 8.412.000 so‘m miqdoridagi naqd pul va 3.250 AQSH dollari miqdoridagi pullarni o‘g‘irlab, hodisa sodir bo‘lgan joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi “a” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni jabrlanuvchining jiyani bo‘lmish 30 yoshli M.M. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, u protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi doirasida M.M. so‘roq qilinib, undan nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l o‘rganligi, o‘g‘irlangan buyumlar va pullarning taqdiri haqida so‘ralganda, u mazkur jinoyatni katta miqdorda qarzi borligi va qarzidan qutilish maqsadida xolasining uyidan tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab, ularni Toshkent shahrida joylashgan Oloy bozorida 4.800 AQSH dollarga sotib yuborganligini bildirgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti