Fargʼona viloyatida odam oʼlishiga sabab boʼlgan mast holatdagi haydovchiga jinoyat ishi qoʼzgʼatildi
Tergov departamenti ma’lum qiladi: Joriy yilning 02 noyabrь kuni soat taxminan 23:45larda Fargʼona viloyati Qoʼshtepa tumanida mast holdagi haydovchi М.А. tomonidan tegishli hujjatlarsiz boshqarilgan «ВАЗ 2106» rusumli avtomashina ishtirokida yoʼl-transport hodisasi sodir boʼlib, haydovchi boshqaruvni yoʼqotganligi natijasida avtomashina Ravnaq koʼchasidagi koʼprik yonida yoʼlning oʼng chekkasidagi beton toʼsiqqa urilib 6 nafar yoʼlovchilari bilan agʼdarilgan.
Buning oqibatida bir nafar yoʼlovchi vafot etgan, haydovchi va qolgan yoʼlovchilar esa turli koʼrinishda tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilganlar. Hodisa joyi tergov-tezkor guruhi tomonidan koʼzdan kechirilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qoʼshtepa tuman IIB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam oʼlishiga sabab boʼlsa) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Hozirda yoʼl-transport hodisasini kelib chiqish sabablarini aniqlash yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan boʼlib, dastlabki tergov davom etmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti