Bir odam vafot etgan va 6 nafar yo‘lovchilar jarohat olgan, ayanchli yo‘l transport hodisasi!
Tergov departamenti ma’lum qiladi: Joriy yilning 02 noyabr kuni soat 11:50 da Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hududidan o‘tgan “Qarshi katta xalqa yo‘li”ning “Yettitom-Qarshi” 4R-87 avtomobil yo‘li bilan kesishgan 53 km.dagi tartibga solingan chorrahasida fuqaro M.R.ning boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashinasi bilan fuqaro S.X.ning boshqaruvida bo‘lgan “Gaz-322132” rusumli yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan avtomashina to‘qnashib, yo‘l transport hodisasi sodir qilgan.
Sodir bo‘lgan hodisa oqibatida “Gaz-322132” rusumli avtomashinada bo’lgan 10 nafar (shundan 1 nafari haydovchi) va “Lasetti” rusumli avtomashinasi ichidahi 3 nafar (shundan 1 nafari haydovchi) fuqarolar turli darajada tan jarohati olishib RShTTYoIM Qashqadaryo filialiga olib kelingan. Ulardan faqat 6 nafari reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, 5 nafariga esa uyiga ruxsat berilgan.
“Gaz-322132” rusumli avtomashina haydovchisi S.X.ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti