Velosiped o‘g‘rilariga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi
2019 yilning aprel oyida fuqaro Q.X. tanishi I.S. va B.O.lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashib, Termiz shahri hududida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasida turgan, fuqaro X.F.ga tegishli bo‘lgan bahosi bir million so‘mlik bir dona “Bars” rusumli velosipedni yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashirinishgan.
Bundan tashqari, Q.X. va I.S.lar o‘zlarining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2019 yilning 9 may kunidan 10 may kuniga o‘tar kechasi Termiz shahri hududida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining kirish yo‘lagida qarovsiz qoldirilgan, fuqaro X.J.ga tegishli bo’lgan bahosi bir million ikki yuz ming so‘mlik bir dona “Titan” rusumli va fuqaro M.O.ga tegishli bo’lgan bahosi bir million besh yuz ming so‘mlik bir dona “Gross Vind” rusumli velosipedlarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashirinishgan.
Mazkur holat yuzasidan Termiz shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Q.X. va I.S.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov davrida Q.X. va I.S.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda B.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi tanlangan va dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 15.09.2019 yildagi hukmiga ko‘ra, Q.X. va I.S.lar Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandida, B.O.esa Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, Q.X.ga nisbatan 5 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, I.S.ga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, B.O.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti