Aholidan tabiiy gaz uchun yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirgan shaxs ushlandi
Samarqand. 2020 yilning yanvar oyida Samarqand gaz taʼminoti filiali bilan Pastdarg‘om tumanida faoliyat yurituvchi xususiy korxona o‘rtasida ikki tomonlama, yaʼni aholi tomonidan tabiiy gaz uchun to‘langan to‘lov pullarini qabul qilib, hisob raqamlariga o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuzilgan bo‘lib, shartnoma shartlariga ko‘ra, xususiy korxona ish boshqaruvchisi 29 yoshli B.B., Pastdarg‘om tumani gaz taʼminoti bo‘limining maʼmuriy binosida tuman aholisidan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni naqd pul shaklida qabul qilib, fuqarolarga muhrlangan to‘lov kvitansiyalarini taqdim qilishi va pul mablag‘larini gaz taʼminoti filiali hisob raqamiga o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan.
2020 yilning avgust oyi davomida xususiy korxona ish boshqaruvchisi B.B., Pastdarg‘om tumanida yashovchi jami 264 nafar fuqarolardan tabiiy gaz isteʼmoli uchun to‘lov qilingan umumiy 59.322.000 so‘m miqdoridagi pullarni qabul qilib olib, ularga muhrlangan kvitansiyalar taqdim qilgan bo‘lsa-da, ushbu pul mablag‘larini gaz taʼminoti filiali hisob raqamiga o‘tkazmasdan, g‘araz va past niyatlarda, Pastarg‘om tumani gaz taʼminoti bo‘limining masʼul xodimi 25 yoshli Sh.O‘., bilan jinoiy til biriktirib, soxta maʼlumotlarni kiritib, ushbu pul mablag‘lari gaz taʼminoti filialining hisob raqamiga tushganligini ko‘rsatib, o‘zining jinoiy qilmishlarini yashirgan va fuqarolarning pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti