Farg‘onalik fuqaro Qibrayda giyohvandlik vositasi sotayotganida ushlandi
Toshkent viloyati. 2020 yil 11 iyun kuni soat 11:30 da Qibray tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, fuqaro 29 yoshli U.G‘., polietilen paketga qadoqlangan to‘q jigar rangli o‘ziga xos spesifik hidga ega bo‘lgan g‘iyohvandlik vositasini 2.500.000 so‘m evaziga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan va tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, fuqaro U.G‘., shaxsiy tintuv qilinganida, egnidagi shimining o‘ng cho‘ntagida 7 dona polimer paketga qadoqlangan g‘iyohvandlik vositasi borligi aniqlanib ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sud kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, U.G‘.,dan olingan moddalar tarkibida faol giyohvandlik moddasi tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan “Gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro U.G‘.,ga nisbatan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, U.G‘., gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti