Zo‘ravon talonchilar guruhi qo‘lga olindi
Toshkent viloyati. 2023 yil 10 aprel kuni soat taxminan 20:00larda, 26 yoshli A.A., 25 yoshli R.A. va 24 yoshli E.S.lar o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida, oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib bir guruhga birlashib, Toshkent viloyati Chirchiq shahar Sharq mahallasi hududidan o‘tgan “Bo‘z suv” kanali oldida 30 yoshli X.X.ning hayot yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, uning yonida bo‘lgan 2.000.000 so‘mlik “VIVO 23” rusumli telefon apparati, 250.000 so‘mlik bir dona nikoh uzugi va 270.000 so‘mlik bir dona kumushdan ishlangan erkaklar uzugini talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.
Bundan tashqari, yuqoridagi shaxslar o‘zlarining jinoiy qilmishlarini davom ettirib, shu kuni soat taxminan 22:00 larda, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq, takroran talon-toroj qilish maqsadida, Toshkent viloyati Qibray tuman Turkiston mahallasi hududida 33 yoshli D.Z.ni hayot yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, tanasining yuz va qorin qismiga urib tan jarohati yetkazib, unga tegishli bo‘lgan 2.000.000 so‘m naqd pullarni, 1.800.000 so‘mlik “Samsung A20” rusumli telefon apparati va 12.200.000 so‘mlik erkaklar kumush hamda tilla taqinchoqlarini ochiqdan-ochiq talon toroj qilib, hodisa joyidan nomaʼlum tomonga yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.A., R.A. va E.S.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda, ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Tergov davom etmoqda.
Muallif: Tergov departamenti katta tergovchisi
mayor S.Berdiyev
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti