O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrogʻi va emblemasi namunalarini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Ichki ishlar organlari birdamligini, xodimlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” xizmat burchi soʻzsiz bajarilishini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017 yil 12 apreldagi PQ-2883-son qaroriga muvofiq: 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrogʻi va emblemasi namunalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. 

2. Belgilansinki, bayroq va emblemani tayyorlash, foydalanish va saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                          Sh.Mirziyoyev 

Toshkent shahri, 2018 yil 24 dekabr 

* * * 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

2018 yil 24 dekabrdagi PF-5602-son Farmoniga

1-ilova

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrogʻi

TAVSIFI

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bayrogʻi (keyingi oʻrinlarda – bayroq) toʻq kulrang toʻgʻriburchakli matodir.

Bayroqning old va orqa tomonlari markazida geraldik belgi – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi emblemasi tasvirlangan. Emblema diametri
98 santimetrli aylana ichiga chizilgan.

Bayroqning uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng.

Bayroq boshqa oʻlchamlarda ham boʻlishi mumkin, biroq barcha holatlarda bayroqning kengligi va uzunligi 1:2 nisbatda boʻlishi shart.

* * * 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

2018 yil 24 dekabrdagi PF-5602-son Farmoniga

2-ilova

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining

geraldik belgisi – emblemasi

TAVSIFI

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi geraldik belgisi – emblemasi chetlari bronza rangda hoshiyalangan halqali toʻq kumush aylana koʻrinishiga ega. Ichki chiziq markazida hayotiy kuchni ifodalovchi qizil rangli yoʻl-yoʻl chiziq tushirilgan.

Halqali chiziqning tepa qismida bronza rangli toʻgʻri bosma harflarda lotin alifbosida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, pastki qismida “ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI” soʻzlari yozilgan. Yozuvlar qatʼiyat, matonat va shon-sharafni ifodalovchi ikkita sakkiz qirrali yulduz bilan bir-biridan ajratilgan.

Aylana oʻrtasida Amir Temur qoʻshinlari tomonidan foydalanilgan hamda ichki va tashqi tahdidlardan himoyani ifodalovchi doirasimon qalqon tasvirlangan. Qalqon markazida doira ichiga chizilgan oʻngga aylanishni aks ettiruvchi oktogramma boʻlib, u tartib, muvozanat va kamolotga yetishishni anglatadi. Qalqon chetlari milliy ornament bilan bezatilgan.

Qalqon ortida – tigʻi pastga qaratilgan va diagonal tarzda kesishgan ikki shamshir – kuch va himoyaning qadimiy ramzi joylashgan. Shamshirlarning dastasi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplari – qonuniylik, yagonalik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikni ifodalovchi toʻrtta hoshiyadan iborat.

Qalqon hoshiyasi grafit kulrang, shamshirlar kumushrangda.

Qalqon va shamshirlar ortida tilla rangda ishlangan, qanotlari yoyilgan, omad va baxt ramzi boʻlgan Xumo qushi tasvirlangan. Bunday joylashuv mamlakatda tinchlik va osoyishtalik himoyalanganligini, ichki ishlar organlari xalq manfaatlariga xizmat qilishini ifodalaydi.

Geraldik belgi bir rangli (siluet) tasvirda bajarilishi mumkin.

Text to speech