O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Ichki ishlar vazirligining mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi Namangan viloyatida ish boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash, jumladan, jinoyatchilikka qarshi kurashish muhitini yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda mahalla rolini kuchaytirish, bunda mutasaddi idora va jamoat birlashmalarining o‘zaro hamkorlik mehanizmlarini takomillashtirish borasida xududlar tajribalarini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va ichki ishlar vazirligining mas'ul xodimlardan iborat ishchi guruhi shakllantirildi. Ushbu guruhlar joriy yilning 31 yanvaridan 21 fevraliga qadar Respublikaning barcha hududiy ichki ishlar organlarida tezkor-xizmat faoliyatini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini tashkillashtiradi.
6 fevral' kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari U.Sh.Tashxadjaev hamda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari D.B.Qodirov rahbarligidagi ishchi guruh Namangan viloyatiga tashrif buyurdi va viloyati ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki ishlar vazirligining mas'ul xodimlariga barcha tuman-shahar ichki ishlar organlarining tezkor-xizmat faoliyatini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, tizimdagi yangi ob'ektlar bilan tanishish, yosh xodimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, mahallalarda aholi muammolarini o‘rganish maqsadida uchrashuvlar tashkil etildi.